SOG‘LIQNI SAQLASH VAZIRLIGI: O‘ZBEKISTONDA INNOVATSION TIBBIYOT PARKI YARATISH REJALASHTIRILMOQDA
Xitoyning Fanchengan shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Innovatsion tibbiyot va hamkorlik bo‘yicha xalqaro forumda 28 davlat vakillari qatori O‘zbekiston delegatsiyasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Delegatsiya rahbari, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Habibulla Oqilov forumdagi chiqishida tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizdagi islohotlar, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi loyihalar bilan tanishtirdi.
Forum doirasiga O‘zbekiston delegatsiyasi «ZJ Innopark Group» (Shanxay shahridagi texnologiya parki) kompaniyalar guruhi rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida innovatsion tibbiyot parkini tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Xitoy tomoni ushbu loyiha doirasida o‘zbek mutaxassislari uchun treninglar o‘tkazish uchun maslahat yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirishdi.
Bundan tashqari, Pokiston Islom Respublikasi Bahriy universiteti Sog‘liqni saqlash xizmati rektori Najim Sohib Xon bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda Bahriy universiteti o‘rtasida tibbiy ta’lim, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va mamlakatimizda qo‘shma fakultetlar ochish bo‘yicha memorandum loyihasi imzolandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.